• Virtual qabulxona
  • Sayt xaritasi
  • Saytga kirish

QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASIDA “MA’NAVIYAT FESTIVALI” O’TKAZILDI

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ’ibotchilar jamiyati hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi hamkorligida joriy yilning 18-19 sentyabr kunlari  qoraqalpoq va o’zbek xalqi ma’naviy-madaniy merosining o’ziga xos xususiyatlari, mushtarak jihatlari, ma’rifiy ahamiyatini yoritish hamda aholi o’rtasida mamlakatimizda so’nggi yillarda amalga oshirilayotgan dolzarb islohotlarning, bunyodkorlik ishlarining mazmun mohiyatini targ’ib etish, ichki turizmni rivojlantirish, zamonaviy texnologik vositalardan samarali foydalangan holda milliy qadriyatlar, tarixiy obidalar haqida ma’lumot berib, ularning targ’ibot-tashviqotini kuchaytirish maqsadida “Ma’naviyat festivali” o’tkazildi.

Festival 18 sentyabr kuni Nukus shahrida qad ko’targan Berdaq G’arg’abay o’g’li haykali poyiga gul qo’yish marosimi bilan boshlandi. Shundan so’ng Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universitetida “Ma’naviyat va ma’rifat hamda ta’lim-tarbiya uyg’unligi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil qilindi. Ushbu jarayonda “Ma’rifat” targ’ibotchilar jamiyatining Qoraqalpog’iston Respublikasi hududiy a’zolariga guvohnoma va a’zolik ko’krak nishoni  topshirish marosimi bo’lib o’tdi. Xalq sevgan san’atkorlar tomonidan kontsert dasturi namoyish qilindi.

 

Festivalning dastlabki kun ikkinchi qismida Shimoli-g’arbiy harbiy okrugi Nukus gornizoni “Ma’naviyat va ma’rifat markazi”da “Vatan muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” shiori ostida harbiy xizmatni o’tayotgan askarlar va ularning oila a’zolari bilan taniqli fan, madaniyat va san’at arboblari ishtirokida ma’rifiy uchrashuv tashkil qilindi.

 

 

Shuningdek “Ma’rifat tur” loyihasi doirasida I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq Davlat san’at muzeyiga sayohat va “Qoraqalpog’istonda bugungi turizm” mavzusida uchrashuv o’tkazildi.

 

Festival doirasida «Faol fuqaro» debat klubi a’zolari uchun o’quv-seminari va debat bo’yicha turnirning Qoraqalpog’iston Respublikasi bosqichi o’tkazildi.

 

Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida dramaturg B.Aytmuratovning “Mo’ynoqda baxtning tonglari otdi spektakli namoyish etildi.

Festivalning ikkinchi kunida Xo’jayli tumanidagi 1-sonli Mehribonlik uyida “Ma’rifat” targ’ibotchilar jamiyati a’zolari ishtirokida “Bolalarga ma’rifat ulashib” aktsiyasi va ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo’lib o’tdi.

 

Kunning ikkinchi yarmida Mo’ynoq tumanidagi “Orol” va “Talli ozek” mahallalarida “Oila muqaddas dargoh” mavzusida uchrashuvlar o’tkazildi.

So’ng festival ishtirokchilari uchun Mo’ynoq tumanida joylashgan “Mo’ynoq tumani ekologiya muzeyi” va “Kemalar qabristoni”ga sayohat uyushtirildi. Mo’ynoq tumani madaniyat markazida taniqli yozuvchi va shoirlar, adiblar va yoshlar ishtirokida “Madaniyat Mo’ynoqdan boshlanadi” shiori ostida “5 ta muhim tashabbus – 5 ta imkoniyat” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi. Mazkur tadbir doirasida kitob yarmarkasi va yangi kitoblar, rasmlar ko’rgazmasi, jumladan, qoraqalpoq folklorining 100 tomligi ko’rgazmalari, milliy liboslar ko’rgazmasi hamda festivalning yakuniy kontsert dasturi tashkil etildi. Festival ishtirokchilariga tashakkurnoma va esdalik sovg’alari topshirildi.

 

 

Qoraqalpoq millatining o’ziga xos an’ana va qadriyatlari, ijtimoiy hayot tarzini ishtirokchilarga keng namoyish qila olgan mazkur “Ma’naviyat festivali” barcha qatnashuvchilarda katta taassurot qoldirdi.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog’iston bo’limi

axborot xizmati