• Virtual qabulxona
  • Sayt xaritasi
  • Saytga kirish

TURONZAMINNING FIDOYI XALQI…

Turon deya atalgan so’lim o’lkadagi tarix maydonida qoraqalpoqlar qardosh o’zbek, qozoq, turkman va boshqa xalqlar bilan azal-azaldan birgalikda unib-o’sgan qadimiy xalqlardan biri sifatida elkama-elka turgan, taqdirdosh bo’lgan. Qanchadan-qancha sinovlarni, quvonchu hasratlarni birga baham ko’rgan, «ovuli aralash, qo’yi og’ildosh» bo’lib, bir ota-onaning farzandlari kabi inoq yashaganlar.
Xalqimiz tarixida alohida davr sanalgan XX asr, ayniqsa, 1941-1945 yillardagi A.Gitler rahnamoligidagi okkupatsion urush hozirgi kunimizga qadar o’zining og’ir, fojeaviy asoratlari bilan xotirlanadi…
Ikkinchi jahon urushi deb nom qoldirgan o’sha yillarda O’zbekiston aholisi 6, 5 million kishidan iborat bo’lib, shundan 1,5 milliondan oshiq inson urushda qatnashdai. Mazkur urushning qonli frontlarida 22 foiz vatandoshimiz urushning mashaqqatli sinovlaridan o’tib Vatanni mudofaa qildi. Front orqasi deya atalgan «tыldagi mehnat front»larida o’z oila qo’rg’onlarini frontga jo’natgan xotin-qizlar, keksa yoshdagi otalar va bobolar, yosh o’smir bolalar xalqimiz uchun mehnat maydonidagi o’chmas jasoratlar ko’rsatib, yuksak insoniy fazilatlar namunasini namoyon qildilar. Bu – bugungi kun va kelajak uchun mangu tarbiya maktabi vazifasini o’tashi shubhasiz.
O’zbekistonimizdan urushda qatnashgan 120 mingdan ortiq oddiy askar va ofitserlarimiz urush maydonlarida ko’rsatgan qahhramonliklari uchun orden va medallar bilan taqdirlandilar. Ulardan 301 kishi «Sovet Ittifoqi Qahramoni» unvoniga, 74 kishi uch karra «Shon-sharaf» ordeniga sazovor bo’ldi.
Bu davrda «Hamma narsa – front uchun, hamma narsa – G’alaba uchun!» degan shior ostida yashagan xalqimiz fidokorona mehnat qildi.
Urush boshlangan 1941 yilda O’zbekistonda kadrlar tanqisligi, sanoat xomashyosi, yoqilg’i, asbob-uskunalarning nihoyatda kamligiga qaramasdan 1941 yil dekabr oyida Toshkentdagi 63 ta korxona va respublikadagi boshqa 230 korxonalar mudofaa mahsulotlarini tayyorlay boshladi. O’sha davrda harbiy ahamiyatga ega 100 dan ortiq korxonalar O’zbekistonga evokuatsiya qilindi. O’zbekiston front uchun zarur bo’lgan hamma narsani etkazib beruvchi tayanch markazlardan biriga aylandi. Ishlab-chiqarish korxonalari harbiy maqsadlarga qaratilib qayta tashkil qilindi. Xalqimiz O’zbekistonga front o’rinlaridan ko’chirilgan 100 dan ortiq zavod va fabrikalar faoliyatini qisqa muddat ichida qayta yo’lga qo’yib, front uchun ikki mingdan ziyod samolyot, ko’plab tank va qurol-aslahalar, yuzlab harbiy-sanitar poezdlar, ko’chma dala aslahalarini, palatkalar, katta mikdorda oziq-ovqatlar, kiyim-kechak va boshqa zaruriy uskuna-mahsulotlarni etkazib berdilar. Ikkinchi jahon urushi davrida O’zbekiston, jumladan, 1942 yilda Leningradga 600 vagon un va go’sht, 100 vagon guruch, 60 vagon quritilgan meva etkazib berdi. 1944 yilning birinchi yarmida Ukrainaga 300 tonna g’alla, 8300 bosh qoramol, 6700 bosh qo’y jo’natdi. Shuningdek, 1943 yilning avgust oyida ozod qilingan o’lkalarni 1152 traktor, 25 kombayn, 1138 plug, 38 seyalka bilan ta’minladi.
Urush jangohlaridan biriga aylangan O’zbekistonga 1 milliondan ortiq kishi, shundan 200 ming nafari bolalar evakuatsiya qilindi. Azaldan mehribon, bag’rikeng va saxovatli xalqimiz oxirgi burda nonini o’sha odamlar bilan birga baham ko’rib, insoniy fazilatlarning eng oliy namunasini ko’rsatib qadrdonga aylandilar. Ularni katta o’zbek oilalari o’z bag’riga olib, xuddi otalar kabi g’amxo’rlik qildilar.
O’zbekiston xalqi evakuatsiya qilingan turli millat vakillari bo’lgan kishilar – bolalar, ayollar, keksalar, maorif, adabiyot va san’at ustalari va boshqa soha vakillari bilan birga tantanavor kutib oldilar. Xalqimiz Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya va boshqa hududlardan ko’chirib kelingan o’n minglab odamlarga boshpana berib, ularga mehribonlik va g’amxo’rlik namunasini ko’rsatdilar. 1941 yilning 25 noyabridan 1942 yil oktyabriga qadar yurtimizga 15649 nafar bolalar qabul qilinib, ularga tegishli yordamlar ko’rsatildi. Toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning umr yo’ldoshi Bahri Akromova turli xil millatga mansub 14 nafar bolani o’z oilasiga qabul qildi. Kattaqo’rg’onlik Hamid Samadov oilasi esa 12 nafar bolani asrab oldi. Buxorolik Muazzam Jo’raeva va Ashurxo’jaevalar o’z oilalariga 8 nafar boladan tarbiyaga oldilar. Yangiyo’ldagi 9 kolxoz jamoasi ko’chirib keltirilgan 169 nafar bolani o’z tarbiyasiga oldi. 1943 yil oxiriga kelib shaharlarda 4672, qishloqlarda 870 o’zbek oilalari tomonidan bolalar asrab olingan edi.
Urush yillarida mamlakatimizdagi ishchilar, xodimlar, dehqonlar, talabalar va maktab o’quvchilarining otaliq yordam ko’rsatish shakllari kengaydi. Toshkent viloyati paxta tayyorlash tresti kolxozchilari 1942 yil bahorida klub imoratini internatga aylantirib, qayta jihozlandi va bu erda Belorussiyadan keltirilgan 25 bolani tarbiyaladilar. Ushbu tashabbusga shahardagi 70 korxona qo’shildi.
Urush davrida O’zbekistonning Rossiya, Belorussiya va Ukraina ziyolilarini qutqarib qolishdagi roli beqiyos edi. O’sha davrda 200 ga yaqin mashhur ijodkorlar, ya’ni A.Axmatova, I.Virta, S.Gorodetskiy, A.Deych, K.Zelinskiy, Ya.Kolas, N.Pogodin, A.Tolstoy, V.Yan, K.Chukovskiy, E.Bertels, B.Meylax, I.Kashkin singari adabiyot va badiiy san’at ustalari O’zbekistonda yashadi. Ularning katta qismi o’zbek ijodkorlari bilan birgalikda ajoyib asarlar yaratdilar.
O’zbekistondagi barcha mehnat jamoalari, jamoat tashkilotlari gospitallarni homiylikka oldi. Bir gospitalga bir nechta tashkilot g’amxo’rlik qildi, ular otaliqqa olgan gospitallarni jihozlab oziq-ovqat va yoqilg’i mahsulotlari bilan ta’minladi, kutubxonalarni kitob bilan to’ldirdi, ommaviy tadbirlar uyushtirdilar.
O’zbekistonda urush yillarida yuzlab tibbiy muassasalar – shifoxonalar, profilaktoriyalar, ilmiy-tadqiqot o’rinlari faoliyat ko’rsatdilar. Evakuatsiya qilingan gospitallarga Toshkent va boshqa yirik shaharlardagi eng yaxshi binolar ajratib berildi. 1942 yil oxirida O’zbekiston hududida evakuatsiya qilingan 113 gospital joylashgan edi.
Ikkinchi jahon urushi davridagi jangchilar uchun to’liq ovqatlanish ratsionini o’rnatishni tashkil qilishda butun xalq ishtirok etdi. 1941 yil noyabrda Andijondan yarador askarlarga 7 tonna ho’l va quritilgan mevalar, 2 ming kilogram guruch, 1800 kilogramm asal, katta miqdorda tamaki, yog’ mahsulotlari jo’natildi.
O’zbekiston xalqi urushning dastlabki kunlaridanoq, mudofaa fondini tashkil qilishda faol ishtirok etdi. Xalqning tashabbusi bilan shanbaliklrda ishlab topilgan pullar, fuqarolarning shaxsiy jamg’armalari, qimmatbho boyliklar, davlat zayomlari, buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari o’sha frontga topshirildi. Urush yillarida mudofaa fondiga respublikamiz aholisi tomonidan 650 million rubldan ziyod pul va davlat zayomi obligatsiyalari, 22 million rubldan oshiq qimmatbaho buyumlar, 55 kilogramm qimmatbaho zargarlik buyumlari yordam tariqasida berildi. Shu jamg’arma hisobiga «O’zbekiston», «Krasnovostochnik» bronepoezdlari, aviaeskadriliya, tank kolonnalari va boshqa texnikalar ishlab chiqarilib fronga jo’natildi.
Ikkinchi jahon urushi davrida O’zbekistondan frontga 7,5 milliondan ortiq gimnastyorka, 2,5 milliondan ziyod paxtali kurtka, 2 million juftdan oshiq etik va botinkalar yuborilgan. Engil sanoat vazirligining korxonalari tomonidan frontga 246 million 918 ming 700 rubl hajmidagi mahsulot jo’natilgan. Ziddiyatli vaziyat va xomashyoning tanqisligiga qaramay, Toshkent to’qimichilik kombinati front uchun 410 million metr gazlama ishlab chiqardi. Shuningdek, Samarqand, Namangan, Xorazm va boshqa viloyatlardan katta miqdorda kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari frontga muntazam ravishda yuborib turildi.
Urush davrida O’zbekistonda xalqimizning ertangi kuniga ishonchi, ijodkorlik faoliyatining nishonasi sifatida og’ir sharoit bo’lishiga qaramasdan Farhod, Tovoqsoy, Oqtepa, Oqqovoq, Qibray, Solar gidroelektr stantsiyalari qurilib, foydalanishga topshirildi. Urush yillarida O’zbekistonning dastlabki metallurgiya zavodi ishga tushirildi va Chirchiq, Ohangaron, Bekobod, Yangiyo’l singari sanoat shaharchalari barpo etildi. Langar, Ingichka, Qo’ytosh, G’ortepa, Olmaliq, Oqtosh konlari, shuningdek, yangi neft konlari o’zlashtirildi.
Shu yillarda O’zbekistondagi har xil o’quv kurslarida 200 mingdan ziyod kishi tahsil olib, injener-texnik, qishloq xo’jaligi mutaxassisi, iqtisodchi, o’qituvchi va boshqa kasblar bo’yicha ma’lumotlar oldi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi, yangi oliy o’quv yurtlari (Chimboy, Urganch, Namangan va Marg’ilon shaharlarida pedagogik institutlar, Toshkent teatr instituti, mavjud va faoliyat ko’rsatib turgan oliy o’quv yurtlarida yangi fakultetlar tashkil qilindi.